Kontent qismiga oʻtish

Azotlash

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Azotlash – kimyoviy-issiqlik ish-lovi berish usullaridan biri. Azotlash poʻlat, titan, ba’zi qotishmalardan tayyorlangan detallarning sirtqi qatlamini azotga toʻyintirishdan iborat. Detalning azotga toʻyintirilgan sirtqi qatlami juda qattiq, yeyilishga va zanglashga chidamli boʻlib qoladi. Yuqori temperaturalar ta’sirida boʻladigan va ishqalanuvchi detallar, dvigatel klapanlari, tishli gʻildiraklar va boshqa detallarning ish sirti azotlanadi. Detallarga uzil-kesil issiqlik ishlovi berilib va silliqlanib, zarur oʻlchamga keltirilganidan keyingina azotlash amalga oshiriladi. Poʻlat detallarning sirtqi qatlami ammiak oqimida 500–600° temperaturada azotlanadi. Buning uchun detal ogʻzi zich berkitiladigan mufel pechta joylanadi. Mufelga ammiak (NH3) yuboriladi, ammiak azot bilan vodorodga parchalanadi. Azot atomlari detalning sirtqi qatlamiga diffuziyalanadi. Azot temir bilan reaksiyaga kirishib, qattiq nitridlar hosil qiladi, natijada detalning azotlangan sirtqi qatlami qattiq boʻlib qoladi. Titan qotishmalarni azotlash 850–950° temperaturada oʻta toza azot muhitida amalga oshiriladi. Ad.:Toʻraxonov A. S, Metallshunoslik va termik ishlash, T., 1968.

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil